

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan 5 muhim tashabbus doirasida hamda yoshlarda milliy g‘urur, vatanparvarlik va tarixiy xotirani yuksaltirish maqsadida Andijon davlat chet tillari institutida keng qamrovli “Milliy qadriyatlar sayli” tashkil etildi.
🔴Ushbu tadbirda institut professor-o‘qituvchilari, faol talabalar, soha vakillari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar. Ko‘rgazmada o‘zbek xalqining boy tarixiy va madaniy merosini aks ettiruvchi eksponatlar: qadimiy hunarmandchilik buyumlari, milliy liboslar, kashtachilik namunalari, zardo‘zlik san’ati, qadimiy kitoblar va maishiy anjomlar keng namoyish etildi.
Tadbirning asosiy maqsadi — yosh avlod qalbida milliy o‘zlikni anglash, ajdodlarimizdan meros bo‘lib qolgan bebaho qadriyatlarni e’zozlash va uni kelajak avlodlarga yetkazishdir. Ko‘rgazma davomida mehmonlar milliy madaniyatimizning o‘ziga xos jihatlari bilan yaqindan tanishdilar.
Talabalar tomonidan tayyorlangan badiiy chiqishlar, sahna ko‘rinishlari va milliy kuy-qo‘shiqlar tadbirga o‘zgacha fayz bag‘ishladi. Ayniqsa, turli hududlarga xos milliy kiyimlar ko‘rgazmasi va ularni taqdim etish marosimi ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
Tadbir yakunida institut rahbariyati bunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar yoshlar dunyoqarashini kengaytirish, ularni o‘z milliy ildizlariga yanada yaqinlashtirishda muhim omil ekanini ta’kidladi.
Institutda bu kabi ko‘rgazmalarni doimiy yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan bo‘lib, u orqali talabalar nafaqat bilim, balki milliy g‘urur va qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalanadilar.