TANLOV DAVOM ETMOQDA

Andijon davlat chet tillari instituti Ingliz tili va adabiyoti fakultetida “Eng faol guruh” ko‘rik-tanlovi doirasida o‘tkazilgan navbatdagi bosqich – “Kitobxonlikni targ‘ib etish” yo‘nalishi talabalar ijodiy salohiyatini yuzaga chiqarishga xizmat qildi.

Mazkur bosqichda ishtirokchi guruhlar kitob mutolaasi, adabiy jarayon va shaxsiy ijodiy yondashuvlarini o‘zida aks ettirgan sahna chiqishlari, badiiy kompozitsiyalar va mualliflik ishlari orqali qatnashdilar. Talabalar tomonidan yozilgan she’rlar, tahlil qilingan adabiy asarlar, hayotiy kuzatuvlarga boy esse va hikoyalar, o‘zbek hamda jahon adabiyotiga bo‘lgan e’tiborni yaqqol ko‘rsatdi.

Tadbir davomida talabalar nafaqat ijod mahsulotlarini taqdim etishdi, balki kitobxonlikning shaxsiy kamolot va ijtimoiy taraqqiyotdagi o‘rni haqida chuqur mulohazalar bildirib, tengdoshlarini ham mutolaaga undashga harakat qilishdi. Ayrim chiqishlar esa sahna ko‘rinishi shaklida namoyish etilib, tomoshabinlar e’tiborini o‘ziga tortdi.

Mazkur tashabbus talabalarning o‘z fikrini erkin ifodalash, adabiy-estetik didini shakllantirish, hamda ijtimoiy faolligini oshirishda muhim vosita bo‘ldi. Hakamlar hay’ati tomonidan ijodiy yondashuv, ta’sirchan ifoda, sahna madaniyati va g‘oyaviy mazmun asosida eng faol guruhlar aniqlanib, rag‘batlantirildi.

Andijon davlat chet tillari institutida bunday ma’naviy-ma’rifiy loyihalar orqali yoshlarning kitobga, adabiyotga bo‘lgan munosabati mustahkamlanib, ular o‘rtasida sog‘lom raqobat va ijtimoiy faollik muhitini shakllantirishga keng imkoniyatlar yaratilmoqda.

Leave a Reply

Skip to content