

Andijon davlat chet tillari institutida samarali mehnat jarayonini tashkil etish uchun faqatgina ish sharoitlarini yaxshilashga emas, balki xodimlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli va maroqli o‘tkazishiga ham e’tibor qaratilmoqda. Xodimlarning madaniy hordiq chiqarishi — ularning ruhiy holatini yaxshilash, jamoada iliq muhit yaratish va ish unumdorligini oshirishga xizmat qiladi.
Turli madaniy tadbirlar, sayohatlar, sport musobaqalari va konsertlarga tashriflar xodimlarni ish stressidan xalos etib, ularga ijobiy hissiyotlar bag‘ishlaydi. Natijada ular ish joyiga ko‘proq ishtiyoq va yaxshi kayfiyat bilan qaytadilar. Bu esa mehnat unumdorligining oshishi, ijodiy fikrlash va jamoaviy ish qobiliyatining kuchayishiga olib keladi.
Bularni inobatga olgan holda Andijon davlat chet tillari instituti rahbariyati hamda institut Kasaba uyushma qo’mitasi hamkorligida rahbar va ishchi xodimlar, professor-o’qituvchilar uchun maxsus dam olish dasturi ishlab chiqildi.
Kuni kecha institutning ayol texnik xodimlari Xotin-qizlar masalalari bo’yicha rektor maslahatchisi Z.Kabilova boshchiligida Xonobod shahriga sayohat qildilar. Sayohat davomida turli manzillarda bo’ldilar. Bundan tashqari institutning yozgi oromgohida ular uchun dasturxon yozilib, bir piyola choyga taklif qilindi. Dasturxon atrofida jamlangan jamoaga Ishlar boshqarmasi boshlig’i F.Dumayev o’quv yili davomida qilayotgan mehnatlari uchun minnatdorchilik bildirib, kelgusi ish faoliyatlariga omad va zafarlar tiladi.
Ushbu dastur bo’yicha institutdagi barcha xodimlar o’z jamoalari bilan reja asosida tashriflarni amalga oshiradilar.