
Talabalar ichida yashash, ular bilan birga yutuq va kamchiliklarini his qilish, turli loyihalarda ishtirok etish, birga futbol, stol tennisi oʻynab, film tomosha qilish – bularning barchasi institut rahbariyati va talabalar oʻrtasida iliq munosabat oʻrnatish maqsadida tashkil qilingan «Talaba bilan bir kun» loyihasining bir qismi sanaladi.
Kuni kecha ushbu loyiha Andijon davlat chet tillari institutining Yoshlar masalalari, ma’naviy-ma’rifiy ishlar boʻyicha birinchi prorektori B.R.Axmedov ishtirokida tashkil etildi.
Sport zalida mini-futbol oʻynash bilan boshlangan Talabalar turar joyidagi ushbu kecha davomida B.Axmedov oʻndan ortiq loyihalarda talabalar bilan hamnafas bo’ldi.
Jumladan, 1-Talabalar turar joyida Ingliz tili va adabiyoti fakulteti dekani K.Karimov hamrohligida talaba-qizlarning xonalarida boʻlib, ularning turmush tarzi, yashash sharoiti, qiziqishlari haqida suhbatlashib, kechki ovqatni birgalikda qildi.
Shundan soʻng fakultet tyutori M.Baltabayeva rahbarlik qiladigan “Mohir qo’llar” toʻgaragiga tashrif buyurib, u yerda ish olib borayotgan toʻgarak a’zolarining faoliyati bilan tanishdi, yasagan buyumlarini koʻzdan kechirib, ushbu loyihani yanada rivojlantirish, Navroʻz bayrami arafasida koʻrgazma tashkil qilish boʻyicha fikr almashdi.
TTJning yuqori qavatlariga ham tashrif buyurib, u yerda olib borilayotgan ishlarni kuzatdi, dars tayyorlayotgan, professor-oʻqituvchilar bilan kechki mashg’ulotlarni olib borayotgan talabalar bilan suhbatlashib, ular tomonidan chizilgan suratlarni yuqori baholadi.
Keyin esa 2-Talabalar turar joyida boʻlib, u yerdagi Ma’naviyat xonasida «Oltin qalam» ijodkorlar klubi a’zolari bilan uchrashib, ularning ijod namunalari bilan tanishdi. Yil yakunida klub a’zolarining ijodiy toʻplamini nashrdan chiqarish boʻyicha suhbat olib bordi.
Talabalar xonasida boʻlgan B.Axmedov, u yerdagi shart-sharoitni o’rganish bilan bir qatorda qizlarni kitobxonlik boʻyicha suhbatga tortib, ularning oxirgi marta o’qigan asarlari bilan qiziqdi. Har bir asar, undagi gʻoyalar yuzasidan tahlil olib bordi.
Aytish joizki, kunning eng emotsiyaga boy loyihasi «ZakovatQuiz» bo’ldi. Unda talaba-yoshlar oʻzlarining mantiqqa, topqirlikka asoslangan bilimlarini sinovdan oʻtkazdilar. Bir-biridan qiziq boʻlgan savollarga javob topdilar.
ZakovatQuizdan keyingi yo’nalish sport bilan shugʻullanayotgan talaba-yoshlar tomon boʻldi. U yerda birinchi prorektorning shaxsan oʻzi talabalar bilan stol tennisida bahslashdi. Kecha yakuni esa “Oʻzbek qizi” videofilmi tomoshasiga toʻgʻri keldi.
Loyihaning ushbu soni ham talaba-yoshlarga juda ma’qul keldi. Oʻtkazilgan har bir uchrashuv, davra suhbati, tadbir ularga bir olam quvonch, ishtiyoq baxsh etdi. “Talaba bilan bir kun” loyihasiga asos solgan vaqtida institut rektori D.A.Rustamov ayni shu maqsadni koʻzlagan boʻlsa ajab emas!
Keyingi sonda yana bir prorektorimiz loyihani davom ettiradi!