INSTITUT MEHNAT JAMOASI SPEKTAKL NAMOYISHIDA BO’LDI

«Teatr bu – ibratxonadur». Teatrni ma’rifatparvar Mahmudxo’ja Behbudiy ana shunday atagan bo’lsa, bugun yurtboshimiz, teatrni ma’naviyat o’chog’i, ijod ahlini esa inson qalbining muhandislari deya yuksak ta’riflaydilar. Haqiqatdan ham teatr har qanday davrda, hayotiy saboqlar beruvchi jonli vosita hisoblangan. Inson ma’naviyatini yuksaltirishda teatrning alohida o’rni bor.

Bugun Andijon viloyati Barkamol avlod bolalar maktabi tadbirlar zalida Andijon viloyat yoshlar teatri tomonidan Usmon Azim qalamiga mansub «Kunduzsiz kechalar» asari asosida sahnalashtirilgan «Cho’lpon» spektakli namoyish etildi.

Unda Andijon davlat chet tillari instituti rektori D.A.Rustamov boshchiligidagi mehnat jamoasi to’liq holatda ishtirok etib, o’zlariga ulkan ma’naviy ozuqa oldilar. Mustaqillik o’z-o’zidan qo’lga kiritilmagani, uni asrab-avaylash har bir bugungi kun avlodining burchi ekani yuzasidan tushunchalarga ega bo’ldilar. Ijrochilarning mahorati har bir xodimning qalbidan joy olib jadidchilik harakati namoyondalari bo’lgan ajdodlarimizga, erk uchun, ozodlik uchun kurashgan dovyurak millatimiz vakillariga muhabbatlari ortdi.

Spektakl yakunida aktyor-aktrisalar xodimlar tomonidan tinimsiz qarsaklar bilan olqishlandilar, ularga guldastalar tutildi. Institutning Yoshlar masalalari, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo’yicha birinchi prorektori B.Axmedov so’zga chiqib, bugungi namoyish barchada iliq taassurot qoldirganini ta’kidlab, teatr jamoasiga minnatdorchilik bildirdi.

Leave a Reply

Skip to content