
Andijon davlat chet tillari instituti rektori D.A.Rustamov raisligida tizimda olib borilayotgan ishlarni tahlil qilish, kamchiliklarga aniqlik kiritib, ularga qayta yo’l qo’ymaslikka e’tibor qaratish maqsadida Buxgalteriya bo’limi xodimlari bilan yig’ilish tashkil qilindi.
Yig’ilish avvalida institut rektori Dilshodbek Abduvahidovich har bir xodimning olib borayotgan ish faoliyati bilan tanishib chiqdi. Shundan so’ng faoliyat davomida yo’l qo’yilayotgan kamchiliklar, ayniqsa, talabalar stipendiyasini o’z vaqtida to’lab berishda sustkashlikka yo’l qo’yilganlikning asil sababi haqida tushuntirish berishlari rektor tomonidan talab qilindi. Xodimlarning izoh va tushuntirishlari eshitilib, ularga rasman ogohlantirish e’lon qilindi.
Yig’ilish davomida xodimlar uchun rahbariyat tomonidan qanday qo’shimcha shart-sharoitlar yaratib berish borasida takliflar so’raldi. Shunda buxgalteriya bo’limi xodimlari uchun ingliz hamda rus tillarida kurslar tashkil qilish bo’yicha taklif o’rtaga tashlandi. Sababi institutdagi aksar talabalar bilan muloqot jarayonida xodimlar uchun xorijiy til savodxonligi kerak bo’lmoqda. Institut rektori ushbu taklifni ma’qulladi va yanvar oyidan qo’shimcha kurslar boshlanishini e’lon qildi.