ANDIJON VA BELARUS OLIY TA’LIM MUASSASALARI O‘RTASIDAGI HAMKORLIK ALOQALARI YANGI BOSQICHGA KO‘TARILMOQDA

Ayni kunlarda Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov boshchiligidagi delegatsiya Belarus Respublikasida rasmiy xizmat safarida bo‘lib turibdi. Tashrif dasturi doirasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamda ta’lim sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan qator uchrashuv va muzokaralar tashkil etilmoqda.

Mazkur tashrifda Andijon davlat chet tillari instituti rektori D.A. Rustamov ham ishtirok etmoqda. Viloyatdagi oliy ta’lim muassasalari rahbarlari bilan birgalikda Belarusning P.M. Masherov nomidagi Vitebsk davlat universitetiga amalga oshirilgan tashrif ikki tomonlama akademik hamkorlikni mustahkamlash yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.

Uchrashuv davomida oliy ta’lim sohasida uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, zamonaviy ta’lim jarayonlarini tashkil etish bo‘yicha tajriba almashish, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar akademik mobilligini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirish, ilmiy-tadqiqot loyihalarini birgalikda olib borish hamda xalqaro grant dasturlarida hamkorlikni kengaytirish istiqbollari yuzasidan batafsil fikr almashildi.

Shuningdek, xorijiy tillarni o‘qitish metodikasini takomillashtirish, ilmiy salohiyatni oshirish, xalqaro reytinglarda yuqori natijalarga erishish hamda zamonaviy pedagogik texnologiyalarni ta’lim jarayoniga keng joriy etish borasidagi hamkorlik masalalari ham muhokama qilindi.

Muloqot chog‘ida tomonlar o‘zaro hamkorlikni izchil rivojlantirish, ikki davlat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish, ta’lim sifati va ilmiy salohiyatni yuksaltirish yo‘lida amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish yuzasidan qat’iy kelishuvlarga erishdilar.

Mazkur tashrif doirasida erishilayotgan kelishuvlar Andijon viloyati oliy ta’lim muassasalarining xalqaro hamkorlik geografiyasini kengaytirish, professor-o‘qituvchilar va talabalar uchun yangi imkoniyatlar yaratish, ta’lim tizimini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish hamda O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Andijon davlat chet tillari instituti axborot xizmati

Skip to content