

Andijon davlat chet tillari institutida oliy ta’lim tizimidagi islohotlar ijrosini ta’minlash, tyutorlarning huquqiy savodxonligini oshirish va talabalar bilan ishlashda zamonaviy yondashuvlarni joriy etish maqsadida keng ko‘lamli seminar-trening tashkil etildi.
🌎 Institutning Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan ushbu tadbir “Yangi davr tyutori: huquqiy savodxonlik, natijadorlik va yoshlar yetakchiligi” mavzusiga bag‘ishlandi.
Seminar-treningni institutning Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha birinchi prorektori J.Siddikov ochib berdi. Birinchi prorektor o‘z nutqida bugungi kun tyutori — bu nafaqat mas’ul xodim, balki talabalar uchun chinakam ma’naviy ko‘prik, yo‘lboshchi va lider bo‘lishi lozimligini alohida ta’kidladi. Shuningdek, tyutorlar faoliyatini baholashning yangi mexanizmlari tizim samaradorligini oshirishda bosh omil ekanligini qayd etdi.
Seminar-trening davomida quyidagi masalalarga urg‘u berildi:
Huquqiy savodxonlik: Tyutorlar faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar, xususan, Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlari va institut ichki tartib-qoidalari tahlil qilindi.
Natijadorlik (KPI): Tyutorlar faoliyatini reyting asosida baholashning 15 banddan iborat yangi KPI tizimi taqdim etildi. Unda talabalarning darsdan bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, iqtidorlarni kashf qilish va profilaktik ishlar samaradorligi asosiy mezon qilib belgilandi.
Yoshlar yetakchiligi: Talaba-yoshlar bilan ishlashda psixologik metodlardan foydalanish, ularning ijtimoiy faolligini oshirish va jamoaviy birdamlikni shakllantirish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
Seminar yakunida tyutorlar o‘z faoliyatlarini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha zaruriy tavsiyalar va metodik qo‘llanmalar bilan ta’minlandilar. Bu kabi treninglar institutda sog‘lom ma’naviy muhitni barqarorlashtirish va «ustoz-shogird» an’analarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Andijon davlat chet tillari instituti — zamonaviy kadrlar va yuksalish maskani!
Andijon davlat chet tillari instituti axborot xizmati