AQSHLIK TALABALAR ANDIJON DAVLAT CHET TILLARI INSTITUTIDA O‘ZBEK TILINI O‘RGANADI

Andijon davlat chet tillari institutida Amerika Qo‘shma Shtatlaridan tashrif buyurgan 5 nafar talaba bilan uchrashuv tashkil etildi.

Uchrashuv davomida xorijlik talabalarga institut faoliyati, ta’lim jarayoni, mavjud akademik imkoniyatlar hamda talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

AQShlik talabalar o‘zbek tilini chuqur o‘rganish, xalqimizning boy tarixi, milliy madaniyati, urf-odat va an’analari bilan yaqindan tanishish maqsadida Andijon davlat chet tillari institutiga tashrif buyurgan. Ular bir yil davomida institutda tahsil olib, maxsus ta’lim dasturi asosida o‘zbek tili bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshiradilar.

Mazkur tashrif O‘zbekiston va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasidagi ta’lim va madaniyat sohalaridagi hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, akademik va madaniy almashinuvni rivojlantirish, shuningdek, o‘zbek tili va milliy madaniyatimizni xalqaro miqyosda keng targ‘ib etishga xizmat qiladi.

 

Skip to content