

Andijon viloyati musiqali drama teatrida oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida o‘tkaziladigan “Ma’rifat maydoni” respublika ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi o‘z yakuniga yetdi.
Murosasiz va hayajonli lahzalarga boy bo‘lgan bellashuvda Andijon davlat chet tillari instituti sharafini munosib himoya qilgan “Qodiriy izdoshlari” jamoasi barcha shartlarda yuqori tayyorgarlik namoyish etib, faxrli 2-o‘rinni egalladi.
Jamoalar nizomga muvofiq quyidagi uchta muhim bosqichda o‘zaro bilim va mahoratlarini sinovdan o‘tkazdilar:
“Adiblar hayoti”: Buyuk ijodkorlarimizning hayot yo‘li haqidagi chuqur bilimlar;
“Tezkor savol-javob”: Adabiyot va ma’naviyatga oid tezkor va mantiqiy savollar;
“Adiblar hayoti va ijodidan sahnalashtirilgan kompozitsiya”: Aktyorlik mahorati va badiiy talqin.
Ingliz tili va adabiyoti fakultetining iqtidorli talabalaridan tashkil topgan “Qodiriy izdoshlari” o‘zlarining kreativ yondashuvi va badiiy chiqishlari bilan hakamlar hay’ati hamda tomoshabinlarning olqishiga sazovor bo‘ldi. Ushbu natija institutimizda talabalarning ma’naviy-adabiy dunyoqarashini yuksaltirish borasidagi tizimli ishlarning amaliy samarasidir.
Ushbu yutuq bilan jamoa a’zolarini, ularga ustozlik qilgan murabbiylarni hamda butun institut jamoasini qizg‘in qutlaymiz. «Qodiriy izdoshlari»ga kelgusi ilmiy va ijodiy faoliyatlarida hamisha omad yor bo‘lishini tilaymiz!
Andijon davlat chet tillari instituti axborot xizmati