

Xitoy Xalq Respublikasida xizmat safarida bo‘lib turgan Andijon davlat chet tillari instituti delegatsiyasi navbatdagi muhim uchrashuvini Shan Dong Wujia Study Abroad Consulting Co., Ltd. tashkiloti bilan o‘tkazdi. Ushbu tashkilot Xitoyning nufuzli xalqaro ta’lim xizmatlari bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalaridan biri bo‘lib, chet elga o‘qishga chiqayotgan yoshlarga ko‘mak ko‘rsatadi.
Uchrashuv davomida o‘zaro manfaatli kelishuvlarga erishildi va bir nechta muhim yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikni boshlashga doir memorandum imzolandi. Jumladan:
Andijon davlat chet tillari instituti vakolatxonasi tashkil etildi. Xitoyda ilk bor ADCHTI vakolatxonasi faoliyatini boshladi. Ushbu vakolatxona orqali institut manfaatlarini xalqaro miqyosda ilgari surish, abituriyentlarni jalb qilish va hamkorlik aloqalarini kengaytirish yo‘lga qo‘yiladi. Bu institut tarixida muhim bosqich bo‘lib, xalqaro maydondagi nufuzini yanada oshiradi.
Xitoylik yoshlar ADCHTIga o‘qishga yuboriladi. Endilikda Shan Dong Wujia kompaniyasi orqali xitoylik abituriyentlar Andijon davlat chet tillari institutining tayyorlov kurslari, bakalavriat, magistratura va hatto doktorantura bosqichlariga o‘qishga yo‘naltiriladi. Bu O‘zbekiston oliy ta’lim tizimining eksport salohiyatini oshirishda muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.
Institut talabalari uchun 2+2 dasturi joriy qilinadi. Andijon davlat chet tillari instituti talabalariga Xitoy oliy ta’lim muassasalarida 2+2 shaklidagi o‘qish imkoniyati yaratiladi. Ya’ni, talaba dastlabki ikki yilni Andijonda, keyingi ikki yilni esa Xitoydagi hamkor universitetlarda o‘qib, ikkala tomonning diplomiga ega bo‘ladi. Bu esa yoshlarimiz uchun xalqaro ta’lim maydonida raqobatbardosh kadrga aylanish yo‘lini ochadi.
Mazkur hamkorlik institut tarixidagi strategik ahamiyatga ega bo‘lgan yangi bosqichni boshlab berdi. Delegatsiya a’zolari xizmat safari doirasida xalqaro aloqalarni yanada kengaytirish, yangi kelishuvlar imzolash va institut nufuzini xalqaro maydonda mustahkamlash borasida ish olib bormoqdalar.
Andijon davlat chet tillari instituti axborot xizmati