

“Payshanba — yoshlar kuni” doirasida Andijon davlat chet tillari institutida an’anaviy tarzda tashkil etib kelinayotgan “Rector cup” Zakovat intellektual o‘yinining bahorgi mavsum final bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu mavsumda 60 dan ortiq jamoalar o‘zaro bellashib, mavsum davomida eng yuqori natijalarni qayd etgan 30 ta jamoa final bosqichiga yo‘llanma oldi. Final bahsida ishtirokchilar bilim, tezkor tafakkur va jamoaviy hamkorlik borasida o‘z imkoniyatlarini namoyon etib, turli yo‘nalishlardagi savollarga javob berish orqali o‘z intellektual salohiyatlarini sinovdan o‘tkazdilar.
Final bosqichi yuqori kayfiyat va murosasiz bahslar ostida o‘tdi. Bellashuv yakuniga ko‘ra, kuchli uchlik jamoalari aniqlanishi bilan bir qatorda, kuchli 10 talikdan joy olgan jamoalar ham maxsus sertifikat va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Shuningdek, final bosqichida ishtirok etgan barcha jamoalarga tashakkurnomalar topshirildi.
“Rector cup” Zakovat o‘yini talaba-yoshlar orasida kitobxonlik madaniyatini keng targ‘ib qilish, ilm-fanga bo‘lgan qiziqishni oshirish hamda institutda intellektual muhitni yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda.