Talaba va oʻquvchilar oʻrtasida oʻtkaziladigan
“Kitobxon yoshlar ligasi” onlayn kitobxonlik tanlovi 2025-yil 2-mavsumi
NIZOMI
I. Umumiy qoidalar
1.1. Mazkur nizom talaba va oʻquvchilar oʻrtasida “Kitobxon yoshlar ligasi” onlayn kitobxonlik tanlovini (keyingi oʻrinlarda Tanlov deb yuritiladi) oʻtkazish tartibini belgilaydi.
1.2. Ushbu Tanlov Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Talaba va oʻquvchilarning ijtimoiy faolligini oshirish markazi tomonidan tashkil etiladi.
1.3. Tanlovda Respublikamizdagi barcha (davlat, xorijiy, xususiy) oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat va magistratura bosqichlarida tahsil olayotgan talabalar, shuningdek, kasbiy taʼlim muassasalari va akademik litsey oʻquvchilari ishtirok etishi mumkin.
II. Tanlovning maqsadi va vazifalari
2.1. Tanlovning asosiy maqsadi – talaba va oʻquvchilar oʻrtasida maʼnaviy-maʼrifiy va tarbiyaviy ishlar samaradorligini oshirish, shuningdek, ularning darsdan boʻsh vaqtini mazmunli tashkil qilish, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish va kitob mutolaasini keng targʻib qilish, yoshlarni oʻz mustaqil fikriga ega, dunyoqarashi keng qilib tarbiyalash va qoʻllab-quvvatlashdan iborat.
2.2. Tanlovning vazifasi – talaba va oʻquvchilarning kitob oʻqishga boʻlgan qiziqishlarini yanada oshirish, ularning soʻz boyligini kengaytirish, ijtimoiy faolligi va millat taqdiriga daxldorligini oshirish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash;
oʻzbek ijodkorlari tomonidan yaratilgan hamda jahon bestseller asarlari bilan talaba va oʻquvchilarni yaqindan tanishtirib borish, ularda kitobni mutolaa qilish, tahlil qilib, mustaqil fikr bildirishga oid koʻnikma va malakalarini shakllantirish;
kitobning yosh avlodni har tomonlama yetuk, yuksak maʼnaviyatli, intellektual salohiyatli, ota-onasiga, Vataniga sadoqatli vatanparvar insonlar qilib tarbiyalashdagi ahamiyati toʻgʻrisida talaba-yoshlarning tasavvurlarini yanada boyitishdan iborat.
III. Tanlovni oʻtkazish tartibi
3.1. Tanlovni 2025-yilning iyun oyi davomida 2 bosqichda tashkil etiladi:
1-bosqich – saralash, onlayn formatda tashkil etiladi;
2-bosqich – final, har bir hududdagi yetakchi oliy taʼlim muassasasida markazlashgan formatda videokonferensiya orqali tashkil etiladi.
3.2. Mazkur tanlov yakka tartibdagi musobaqa boʻlib, unda qatnashish uchun ishtirokchilar tanlov eʼlonida koʻrsatilgan Telegram bot orqali belgilangan tartibda
roʻyxatdan oʻtishlari va bot taqdim qiladigan maxsus havolani doʻstlariga ulashish orqali tanlov targʻibotida qatnashib, kamida +5 referal ball yigʻishlari kerak boʻladi.
3.3. Ishtirokchilarga har bir taklif qilgan doʻsti uchun 1 referal ball beriladi.
Mazkur shartlarni toʻliq bajargan ishtirokchilar tanlovning saralash bosqichida ishtirok etish imkoniga ega boʻladi;
3.4. Tanlovda ishtirokchilarga Abu Nasr Farobiyning “Fozil odamlar shahri”, Mixail Bulgakovning “Usta va Margarita” hamda “Uyg‘onish” to‘plamidagi “Muhammad Buxoriy” kitoblari oʻqish uchun vazifa qilib beriladi.
3.5. Kitoblarni oʻqish uchun tanlov eʼlon qilingan kundan boshlab 15 kun vaqt belgilanadi. Belgilangan vaqt yakunlangach, 23-iyun sanasidan boshlab, vazifa qilib berilgan kitoblar asosida, 3 kun davomida har kuni 50 tadan (jami 150 ta) testlar Telegram bot orqali berib boriladi. Har bir test savoli uchun 1 daqiqa vaqt beriladi.
3.6. Tanlovning 1-saralash bosqichi testlari Farobiyning “Fozil odamlar shahri” hamda Mixail Bulgakovning “Usta va Margarita” kitoblaridan tuziladi. Final bosqichida esa qo‘shimcha tarzda “Uyg‘onish” to‘plamidagi “Muhammad Buxoriy” kitobidan ham testlar beriladi.
3.7. Yakunda test natijalariga koʻra eng koʻp ball toʻplagan 120 nafar ishtirokchi, shuningdek, tanlov targʻibotida faol ishtirok etib, eng koʻp referal ball toʻplagan 30 nafar ishtirokchi tanlovning final bosqichi yoʻllanmasiga ega boʻladi.
3.8. Yakunda test boʻyicha 120-oʻrindagi ishtirokchi bilan teng ball jamgʻargan barcha ishtirokchilar final yoʻllanmasiga ega boʻladi. Shuningdek, referal ball boʻyicha 30-oʻrindagi ishtirokchi bilan teng referal ball jamgʻargan barcha ishtirokchilar ham final yoʻllanmasiga ega boʻladi.
3.9. Referal ball boʻyicha finalga yoʻllanma oladigan ishtirokchilarning natijalari test savollarini ishlashning birinchi kuni, ya’ni 23-iyun soat 20:00 dagi holat boʻyicha inobatga olinadi.
3.10. Tanlov davomida ishtirokchining ikki yoki undan koʻp akkountlardan ishtirok etayotganligi aniqlansa, tanlovdan chetlatiladi va natijasi bekor qilinadi.
IV. Tanlovning final bosqichini oʻtkazish tartibi
4.1. Finalda Toshkent shahridagi ishtirokchilar Talaba va oʻquvchilarning ijtimoiy faolligini oshirish markazi binosiga, viloyatdagi ishtirokchilar esa hududdagi yetakchi oliy taʼlim muassasasiga tashrif buyuradilar.
4.2. Ishtirokchilar tanlovga roʻyxatdan oʻtayotganda istiqomat qilayotgan hududini belgilaydilar va final bosqichida aynan oʻsha hududdagi belgilangan manzilga pasport yoki ID kartasi bilan borib, final bosqichi testini ishlashi kerak boʻladi.
4.3. Ishtirokchilarga final bosqichining oʻtkazilish vaqti va har bir viloyatdagi manzil lokatsiyasi test boshlanishidan kamida 2 kun oldin maʼlum qilinadi.
4.4. Belgilangan vaqtda belgilangan manzilga kelmagan yoki kechikib kelgan ishtirokchilar final bosqichida ishtirok etmadi deb hisoblanadi.
4.5. Final bosqichida saralash bosqichdagi toʻplangan ballar oʻz ahamiyatini yoʻqotadi va ishtirokchilarning har biri teng imkoniyatga ega boʻladi.
4.6. Finalda ishtirokchilar masʼul kuzatuvchi nazorati ostida oʻz telefonlari orqali xuddi saralash bosqichida boʻlgani kabi tanlov eʼlonida vazifa qilib berilgan kitoblar boʻyicha tuzilgan jami 50 ta test savollarini ishlaydilar va har bir testga javob berish uchun 40 soniyadan vaqt belgilanadi.
4.7. Tanlovning yakuniy natijalari final bosqichi yakunlanishi bilanoq ishtirokchilarga maʼlum qilinadi.
4.8. Yakunda test natijalariga koʻra final bosqichi gʻoliblari aniqlanadi. Test boʻyicha ishtirokchilarning ballari teng boʻlib qolgan taqdirda, gʻolib aniqlangunga qadar qoʻshimcha savollar beriladi.
4.9. Qoʻshimcha savollar vazifa qilib berilgan kitoblar hamda kitob mualliflari haqida boʻlishi mumkin.
V. Apellyatsiya berish tartibi
5.1. Ishtirokchilar tanlovning final bosqichi boʻyicha natijalar eʼlon qilingach, 1 soat muddat ichida savollar yuzasidan apellyatsiya berish huquqiga ega. Belgilangan muddat yakunlangach, eʼtiroz va shikoyatlar qabul qilinmaydi.
5.2. Apellyatsiya berish uchun ishtirokchi Tashkiliy ishchi guruhga ariza bilan murojaat qiladi. Arizada apellyatsiya berilayotgan savolning qisqacha mazmuni yoki tartib raqami koʻrsatilishi shart.
5.3. Agar ishtirokchining apellyatsiya shikoyati oʻrinli deb topilsa, arizada koʻrsatilgan savol uchun ishtirokchiga qoʻshimcha ball qoʻshilishi mumkin.
5.4. Tashkiliy ishchi guruh berilgan apellyatsiya arizasining yakuniy natijasi boʻyicha barcha ishtirokchilarning oldida izoh berish majburiyatini oladi.
5.5. Tanlovning final bosqichida ishtirok etmagan, uchinchi shaxslar tomonidan apellyatsiya shikoyatlari qabul qilinmaydi.
VI. Tanlovning “Eng faol tanlov targʻibotchisi” nominatsiyasi
gʻoliblarini aniqlash tartibi
6.1. Tanlov eʼlon qilingan kundan boshlab, test savollarini ishlashning 1-kuni, ya’ni 23-iyun soat 20:00 gacha boʻlgan muddatda tanlov targʻibotida faol ishtirok etib, eng yuqori referal ball toʻplagan 6 nafar ishtirokchi tanlovning “Eng faol targʻibotchi” nominatsiyasi gʻolibi deb topiladi.
6.2. Yakunda “Eng faol targʻibotchi” nominatsiyasi gʻoliblarining referal ballari teng boʻlib qolgan taqdirda, ularning test boʻyicha toʻplagan ballariga qaraladi. Kim test savollaridan koʻproq ball toʻplagan boʻlsa, yuqori oʻrinda deb hisoblanadi.
VII. Tanlov gʻolib va sovrindorlarini taqdirlash
7.1. Tanlovda yuqori oʻrinlarni egallagan ishtirokchilar Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan quyidagi tartibda taqdirlanadi:
1-oʻrin 1 nafar – Noutbuk (core i5) va I darajali diplom;
2-oʻrin 2 nafar – Smart televizor (43 dyumm) va II darajali diplom;
3-oʻrin 3 nafar – Planshet (6/128) va III darajali diplom;
4-oʻrin 4 nafar – Smartfon (6/128) va faxriy yorliq;
5-oʻrin 5 nafar – Smartfon (4/64) va faxriy yorliq.
6.2. “Eng faol targʻibotchi” nominatsiyasi gʻoliblari quyidagicha taqdirlanadi:
1-oʻrin 1 nafar – Planshet (6/128) va I darajali diplom;
2-oʻrin 2 nafar – Smartfon (6/128) va II darajali diplom;
3-oʻrin 3 nafar – Smartfon (4/64) va III darajali diplom.
7.3. Tanlovning saralash bosqichida test hamda final bosqichida ishtirok etib, yuqori oʻrinlarni egallay olmagan ishlagan barcha ishtirokchilar natijasidan qatʼiy nazar Talaba va oʻquvchilarning ijtimoiy faolligini oshirish markazi tomonidan elektron sertifikat bilan taqdirlanadi.
7.4. G‘oliblarga taqdim etiladigan sovg‘alarni xarid qilishda fors-major holatlari yuzaga kelsa, tashkilotchilar sovg‘alarni quyidagi tartibda o‘zgartirishi mumkin:
Smartfon (6/128) Planshet (4/64);
Smartfon (4/64) Smart televizor (32 dyumm).
7.5. “Kitobxon yoshlar ligasi” tanlovining 2025-yil 2-mavsumida tanlovning 1-mavsumida gʻolib va sovrindor boʻlgan 21 nafar ishtirokchilar qatnashishi mumkin emas. Xuddi shu tartibda 2-mavsumdagi 21 nafar g‘olib va sovrindorlar ham tanlovning keyingi 3-mavsumida ishtirok eta olmaydi.
VII. Yakuniy qoidalar
8.1. Tanlov Tashkiliy ishchi guruhi ishtirokchilarning talab va takliflarini inobatga olgan holda “Kitobxon yoshlar ligasi” onlayn kitobxonlik tanlovining nizomiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish vakolatiga ega.
8.2. Tanlov davomida nizomda koʻrsatilmagan fors-major holatlar yuzaga kelsa, Tashkiliy ishchi guruh tomonidan yakuniy qaror qabul qilinadi.