“Yoshlar Orolni asraydi” aksiyasiga start berildi

Institut rektorining 2023-yil “5” apreldagi

4-14-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan

 

Andijon davlat chet tillari institutida “Yoshlar Orolni asraydi

aksiyasi tanlovining oliy ta’lim muassasasi bosqichini

o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi

N I Z O M I

 I. UMUMIY QOIDALAR

  1. “Yoshlar Orolni asraydi” aksiyasi doirasidagi tanlov-ilmiy va innovatsion g‘oyalar, loyihalarni saralab olish, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida oliy ta’lim muassasasi doirasidagi tanlov bo‘lib, mazkur tanlov orqali Orol dengizi muammolari yechimiga va uni oqibatlarini kamaytirishga yo’naltirilgan eng yaxshi innovatsion loyihalar saralab olinib qo‘llab-quvvatlashga va o‘z navbatida, loyihani amaliyotga joriy etishga qaratilgan. Shu bilan birga tanlov to‘g‘risidagi Nizom tanlov o‘tkazish shartlari, g‘oliblarni aniqlash va ularni taqdirlash tartibini belgilaydi.
  2. Tanlov oliy ta’lim muassasalarida Innovatsion rivojlanish agentligi hududiy boshqarmasi hamda oliy ta’lim muassasasi bilan birgalikda tashkil etiladi. 
  3. Tanlov qatnashchilari o‘rtasida ilmiy va innovatsion loyiha yo‘nalishlarida ilmiy ijodkorlikni rag‘batlantirish, innovatsion faollikni oshirishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. 
  4. Tanlovda ishtirok etayotgan qatnashchilarning loyihalarini baholash va g‘oliblarni aniqlash uchun tegishli soha mutaxassislaridan iborat, besh kishidan kam bo‘lmagan tarkibdagi Tanlov komissiyasi (keyingi o‘rinlarda Komissiya) tuziladi hamda komissiya kotibi aniqlanadi. 
  5. Tanlovning oliy ta’lim muassasalari bosqichlarini tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlarni oliy ta’lim muassasalarining byudjetdan tashqari mablag‘i hisobidan amalga oshiriladi. 

 II. TANLOVNI O‘TKAZISH TARTIBI,

MUDDATLARI VA SHARTLARI

  1. Tanlovda ishtirok etuvchi yoshlarni aniqlash maqsadida oliy ta’lim muassasalarining veb saytlari, intimoiy tarmoqlardagi sahifalarida e’lon berilib, 7 kun davomida ishtirokchilar ro‘yxatga olinadi. 
  2. Tanlov ishtirokchilari ro‘yxatdan o‘tishda aniq bir muammo yoki mavjud potensial imkoniyatdan kelib chiqqan holda innovatsion xarakterga ega g‘oya yoki loyihani taklif etishlari lozim. 
  3. Tanlovda ishtirok etmoqchi bo‘lgan talaba-yoshlar yakka o‘zi yoki ko‘pi bilan 5 nafar talaba yoshlardan iborat jamoa bo‘lib ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin. 
  4. Tanlov quyidagi tartibda tashkil etiladi: 
  • seminar treninglar, targ’ibotlar, e’lonlar – tanlovning 1-2-kunlari; 
  • loyihalarni shakllantirish va rivojlantirish davri – tanlovning 3-10-kunlari; 
  • loyihalar taqdim etish – tanlovning 11-12-kunlari;
  • tanlov yakuni va g‘oliblarni taqdirlash – tanlovning 13-kuni. 
  1. Seminar treninglar – tashkil etiladigan o‘quv dasturi hisoblanadi. Unda oliy ta’lim muassasalarida ilmiy tadqiqot va innovatsion sohada faoliyat olib boruvchi o‘qituvchi yoki boshqa mutaxassislar yordamida ishtirokchilarga quyidagi mavzular bo‘yicha seminar treyninglar o‘tiladi: 
  • ilmiy va innovatsion loyihalarni shakllantirish va moliyalashtirish tartiblari; 
  • startap loyihalarni shakllantirish va moliyalashtirish tartiblari; 
  • loyihalarni xarajatlar smetasini shakllantirish tartiblari.
  1. Loyihalarni shakllantirish va rivojlantirish davri – tanlov ishtirokchilari o‘z loyihalarini rivojlantirish va loyiha hujjatlarini shakllantirishlari uchun 8-10 kun vaqt beriladi. Mazkur davrda ishtirokchilar o‘z loyihalarini rivojlantirish ustida ishlaydilar, loyihalarga qo‘shimcha yangiliklar va funksiyalar kiritadilar.
  2. Loyihalar taqdimoti – tanlovning har bir ishtirokchisi o‘z loyihalarini komissiya a’zolariga taqdimot qilishadi. Har bir ishtirokchiga taqdimot qilish uchun 5 daqiqa vaqt, savol-javoblar uchun qo‘shimcha 2 daqiqa vaqt beriladi. Loyihalarni baholash mazkur nizomning ilovasida ko‘rsatilgan mezonlar asosida amalga oshiriladi. Loyihalar taqdimoti jarayonida komissiya kotibi tomonidan komissiya bayoni yuritiladi. Loyihalar taqdimoti yakunida komissiyaning har bir aʼzosi tomonidan qo‘yilgan ballar umumlashtiriladi. 
  3. Tanlov yakuni va g‘oliblarni taqdirlash tanlov ishtirokchilarining loyihalarini baholash natijasida eng yuqori natija ko‘rsatgan loyihalar oliy ta’lim muassasasida tashkil etilgan tanlov g‘oliblari deb e’lon qilinadi. 
  4. Tanlov ishtirokchilari, komissiya a’zolari, komissiya a’zolarining qo‘ygan ballari, tanlov g‘oliblari va ularning ishlanmalari to‘g‘risidagi maʼlumotlar komissiyasining bayonida ko‘rsatiladi hamda aʼzolari tomonidan imzolanadi. 
  5. Natijalar komissiya tomonidan bayonnoma bilan tasdiqlanib, oliy ta’lim muassasasining masʼul vakiliga taqdim etilganidan so‘ng, yakuniy (hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lib) hisoblanadi va komissiya qarori bo‘yicha oliy ta’lim muassasasi izoh bermaydi. Tanlov natijalari va g‘oliblarini eʼlon qilish hamda taqdirlash marosimi tanlovning oxirgi kuni amalga oshiriladi. 
  6. Oliy ta’lim muassasalari tanlov ishtirokchilarini tanlovning talab va shartlari to‘g‘risida xabardor qiladi, tanlov yakunlari bo‘yicha g‘oliblarga xabar beradi va ularni taqdirlashni tashkil etadi. 

III. ISHLANMALARNI BAHOLASH MEZONLARI

  1. Tanlovda ishtirok etish uchun ajratib olingan ishlar quyidagi mezonlar asosida, har bir mezon uchun alohida 10 ballik tizim bo‘yicha baholanadi: 
  • g‘oya yoki loyihaning ilmiy va innovatsion yangiligi; 
  • g‘oya yoki loyihaning aniq bir muammoning yechimiga yo‘naltirilganligi; 
  • mavjud analoglaridan afzalligi; 
  • g‘oyaning amalga oshirishdan kutilayotgan natijalar; 
  • loyiha taqdimotining mukammalligi; 
  • loyiha pasporti, biznes-rejasi va xarajatlar smetasi hujjatlari to‘ldirilganligi. 
  1. Tanlov ishtirokchilari komissiya aʼzolariga loyihaning ilmiy va amaliy hamda ijtimoiy ahamiyatini tushuntirib bera olishini namoyish etishi lozim. 
  2. G‘oliblarni aniqlashda baholash jarayoni davomida har bir ishtirokchiga komissiya a’zolari tomonidan qo‘yilgan ballar umumlashtiriladi va komissiya a’zolari soniga bo‘linadi. Eng yuqori ball to‘plagan ishtirokchilar g‘olib deb hisoblanadi. 
  3. Ishtirokchilar tomonidan to‘plangan ballar soni bir xil bo‘lib qolgan taqdirda, komissiya a’zolari tomonidan ovoz berish usuli bilan g‘olib aniqlanadi. 
  4. Loyihaning ilmiy yangiligini va zamonaviyligini ko‘rsatish maqsadida uning analoglari bilan solishtirish imkonini beruvchi maʼlumotlarni, stendlar yoki boshqa qurilmalarda test va sinovdan o‘tkazilganligi to‘g‘risida maʼlumot berishlari lozim. Agar ishlanma tanlovda ishtirok etgan yoki patentlangan bo‘lsa bu haqda tegishli maʼlumotlar taqdim etiladi.

                                                       IV. TANLOV G‘OLIBLARINI MUKOFOTLASH

  5. Marafon yakunlariga ko‘ra eng yuqori natijaga ega bo‘lib, 1-2-3-oʻrinlarni egallagan gʻoliblar (jamoalar) Qoraqolpog’iston respublikasi Mo’ynoq tumanida joriy yilning aprel-may oylarida tashkil etiladigan “Yoshlar orolni asraydi” aksiyasida ishtirok etadilar. (Safar harajatlari oliy ta’lim muassasalarining byudjetdan tashqari mablag’lari hisobidan qoplanadi)
  6. Mukofot tanlovda g‘olib bo‘lgan loyihalarga, uning mualliflari sonidan qatʼiy nazar, belgilangan qiymatda beriladi. Agar jamoa shaklida ishtirok etgan ishtirokchilarning loyihasi g‘oliblikni qo‘lga kiritsa, jamoa a’zolarining har biriga mukofot summasi teng miqdorlarda taqsimlanadi.
  7. Tanlov g‘oliblarini taqdirlash bilan bog‘liq sarf-xarajatlar oliy ta’lim muassasasining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
  8. Ushbu Nizom, tanlov to‘g‘risidagi maʼlumotlar va uning natijalari oliy ta’lim muassasasining rasmiy web-sayti va boshqa ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi.

    V. YAKUNIY QOIDALAR

  9. Tanlov ishtirokchilari taqdim etilgan ilmiy-innovatsion ishlanmalar va loyihalarni bevosita o‘z g‘oyalariga tegishli va original ishlanma ekanligiga mas’ul va javibgardir.
  10. Tanlovni tashkil etish to‘g‘risidagi Nizom me’yoriy-huquqiy umum eʼtirof etilgan printsiplari va normalari, shuningdek Oʼzbekiston Respublikasining tegishli shartnomalari va qonunchilik asosida ishlab chiqilgan hamda uning faoliyati ushbu me’yoriy-huquqiy talablar asosida amalga oshiriladi.
  11. Tanlov faoliyatiga oid nizolar, oʼzaro munozaralar olib borish orqali yoki qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda koʼrib chiqiladi.
  12. Ushbu Nizom Andijon davlat chet tillari instituti rektorining 2023-yil “5” apreldagi 4-14-sonli buyrugʼi bilan tasdiqlangan.
  13. Mazkur Nizomni bekor qilish yoki unga oʼzgartirish va qoʼshimchalar kiritish belgilangan tartibda, faqat institut rektorining tegishli buyrug‘i bilan amalga oshiriladi.

Leave a Reply

Skip to content