DUAL TA’LIM: TALABALIKDAN KASB EGALIGIGA

Andijon davlat chet tillari institutida dual ta’lim talabalarga nazariy bilimlarini amaliyot bilan mustahkamlash, kasbiy tajriba orttirish va o‘qish davridayoq daromad topish imkonini bermoqda. Institut talabalarining turli ta’lim muassasalaridagi faoliyati haqida “O‘zbekiston 24” telekanali maxsus reportaj tayyorlab, efirga uzatdi.

Reportajda Andijon shahrining Shifokor mahallasida institutning 4-bosqich talabasi tomonidan tashkil etilgan xususiy bog‘cha faoliyati yoritildi. Talaba davlat tomonidan yaratilgan imtiyozli kredit imkoniyatidan foydalanib, ushbu ta’lim maskanini ochgan. Bugun bog‘chada 50 nafar bola xorijiy tillar va zamonaviy ko‘nikmalarni o‘rganmoqda. Talaba o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yish bilan birga, yana to‘rt nafar tengdoshini ish bilan ta’minlagan.

Andijon shahridagi 3-son texnikumda esa xalqaro til sertifikatiga ega institut talabalari xorijiy til mashg‘ulotlariga jalb etilgan. Ular o‘quvchilarga bilim berish barobarida o‘z pedagogik mahoratini oshirmoqda. Texnikum o‘quvchilari milliy va xalqaro til sertifikatlarini qo‘lga kiritish uchun tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Dual ta’limning yana bir yo‘nalishi turizm texnikumida namoyon bo‘lmoqda. Institut talabalari bo‘lajak gidlar, mehmonxona xodimlari va turizm sohasi mutaxassislarini tayyorlash jarayonida ishtirok etib, o‘z bilimlarini amalda qo‘llamoqda. Andijon shahridagi 17-maktabda amaliyot o‘tayotgan talabalar esa inklyuziv ta’lim jarayoniga jalb etilgan: ular mustaqil dars o‘tib, o‘quvchilar bilan ishlamoqda hamda xorijiy tilni o‘qitish usullarini amaliyotda sinab ko‘rmoqda.

2026/2027-o‘quv yilida institutning 3- va 4-bosqichlarida tahsil olayotgan 1 551 nafar talaba, ya’ni ularning 61,6 foizi dual ta’limga qamrab olingan. Ular viloyatdagi 876 ta ta’lim muassasasi, korxona va tashkilotga biriktirilgan. Ayni paytda 723 nafar talaba o‘qish bilan birga mehnat faoliyatini ham olib bormoqda. Ularning daromadi 1,5 million so‘mdan 15 million so‘mgacha yetmoqda.

Institut talabalarining faoliyati kasbiy ta’lim tizimi va mahallalarda chet tillarini o‘qitish jarayonida ham o‘z samarasini bermoqda. O‘tgan o‘quv yilida kasbiy ta’lim muassasalaridagi 816 nafar o‘quvchi chet tillariga o‘qitilgan, ularning 598 nafari xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan. Mahallalarda esa mehnat migrantlarini chet tillariga o‘qitish ishlari yo‘lga qo‘yilgan.

Dual ta’lim orqali talaba bilimini bevosita ish jarayonida qo‘llaydi, tajriba orttiradi va kasbga tayyorlanadi. Institutda olib borilayotgan ishlar ta’lim muassasalari, ish beruvchilar va yoshlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

📺 “O‘zbekiston 24” telekanalining Andijon davlat chet tillari institutidagi dual ta’lim tajribasiga bag‘ishlangan maxsus reportaj

Skip to content