MILLIY GVARDIYA VA OLIY TA’LIM HAMKORLIGI: MALAKALI KADRLAR TAYYORLASHNING YANGI BOSQICHI

 ​O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni huzurida 2026-yil 13-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida amaliy qadamlar tashlanmoqda.

 Andijon davlat chet tillari instituti rektori, professor Dilshodbek Abduvahidovich Rustamov boshchiligidagi institut mas’ullari Andijon viloyati Milliy gvardiya boshqarmasiga tashrif buyurdilar. Tashrif davomida mehmonlarni boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Z.Ostanaqulov kutib oldi. Ikki tomonlama muloqotlar yakunida institut va boshqarma o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan Memorandum imzolandi.

 Hamkorlik doirasida institut O‘quv-uslubiy boshqarmasi boshlig‘i K.Karimov hamda professor-o‘qituvchilar Milliy gvardiya xizmatchilari bilan uchrashib, istiqboldagi rejalar bo‘yicha suhbatlashdilar.

 Imzolangan kelishuvga ko‘ra:

Xorijiy tillarni o‘rgatish: Milliy gvardiya xizmatchilari uchun institutning malakali mutaxassislari tomonidan chet tillari bo‘yicha maxsus o‘quv kurslari tashkil etiladi;
 ​Oliy ta’limga jalb qilish: Harbiy xizmatchilarning intellektual salohiyatini oshirish maqsadida ularni oliy ta’lim tizimiga qamrab olish, pedagogik va ilmiy yo‘nalishlarda metodik yordam ko‘rsatish masalalari kelishib olindi.

 Ushbu hamkorlik harbiy xizmatchilarning xorijiy tillarni o‘zlashtirishi orqali ularning kasbiy mahoratini oshirishga, qolaversa, ta’lim va harbiy soha vakillari o‘rtasida tajriba almashinuvi muhitini yaratishga xizmat qiladi.

 Andijon davlat chet tillari instituti axborot xizmati

Skip to content