BIR YARIM MING DOLLAR MAOSH OLAYOTGAN TALABA: ADCHTIDA DUAL TA’LIMNING AMALIY NATIJASI

Andijon davlat chet tillari institutida dual ta’lim tizimini rivojlantirish, talabalarning nazariy bilimlarini bevosita amaliyot bilan uyg‘unlashtirish hamda ularning o‘qish davridayoq mehnat bozoriga kirib borishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda.

Ana shunday imkoniyatlardan samarali foydalanayotgan talabalardan biri — Fayzulloh Ahmadjonov. U ayni paytda Andijon tumani “Ipak yo‘li” sanoat zonasida joylashgan Xitoy korxonasida faoliyat yuritib, o‘qish bilan bir qatorda o‘z bilim va ko‘nikmalarini amaliyotda qo‘llamoqda. Bugungi kunda talaba o‘z mehnati va bilimlari orqali 1,5 ming AQSh dollari miqdorida maosh olmoqda.

Fayzulloh Ahmadjonov bilan birga uning bir qator kursdoshlari ham mazkur korxonada ishlab, xorijiy til bo‘yicha egallagan bilimlarini real ish jarayonida mustahkamlash, kasbiy tajriba orttirish va munosib daromad topish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.

O‘qish + amaliyot + ish tajribasi — dual ta’limning asosiy mazmunidir.

E’tiborlisi, Andijon davlat chet tillari institutining Xorijiy tillar kafedrasi ham “Ipak yo‘li” sanoat zonasining o‘zida faoliyat olib bormoqda. Bu esa ta’lim jarayonini ishlab chiqarish muhiti bilan bevosita bog‘lash, talabalarning til ko‘nikmalarini amaliy faoliyat davomida rivojlantirish hamda ish beruvchilar bilan hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Andijon davlat chet tillari institutida mazkur yo‘nalishdagi ishlar izchil davom ettirilib, talabalarni dual ta’lim asosida korxona va tashkilotlarga jalb etish, ularning bandligini ta’minlash hamda o‘qish davridayoq malakali mutaxassis sifatida shakllanishlari uchun yangi imkoniyatlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Dual ta’lim — bilimni amaliyotga, amaliyotni tajribaga, tajribani esa munosib daromad va kelajak kasbiga aylantiradigan imkoniyatdir.

Skip to content