Oʻzbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi (OʻzDP) — Oʻzbekistondagi siyosiy partiyalardan biri. 1995-yilning 3-iyunida boʻlib oʻtgan taʼsis qurultoyida tashkil topgan. OʻzMTDP teran milliy ruh va dunyoqarashga ega boʻlgan, ruhan va qalban vatanparvarlik gʻoyalarini, siyosiy jihatdan oʻz taqdirini oʻzi belgilashga, oʻz-oʻzini boshqarishga intilayotgan, oʻzligini anglash, milliy birlik va milliy tiklanishni muhim hayotiy maqsadlari deb ifoda etayotgan fuqarolarning qarashlari va manfaatlarini birlashtiradi. OʻzMTDP ziyolilar, milliy taraqqiyot yoʻlidan borayotgan mulkdor va tadbirkorlar, ijodiy faoliyat bilan mashgʻul intellektual mehnat sohasi vakillari, istiqlol gʻoyasiga sadoqatli yoshlar, oʻz manfaatlarini umummilliy manfaatlar bilan uygʻunlikda koʻrayotgan fuqarolar hamda partiyaning dasturiy maqsadiga xayrixoh boshqa ijtimoiy tabaqalarga suyanadi va ularning manfaatlarini himoya qiladi.
Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Andijon viloyati Kengashi tomonidan Andijon davlat chet tillari institutida “Ayol va siyosat” loyihasi doirasida deputat ayollar bilan uchrashuv tashkil qilindi.
Uchrashuvda Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati M.Raxmonova, “Zulfiya” nomidagi davlat mukofoti sohibasi, “Yoshlar parlamenti” a’zosi H.Jonibekova, institut xotin-qizlar kengashi raisi N.Qodirova, ma’naviyat va ma’rifat boʻlimi uslubchisi M.Saliyeva, institut proffessor o‘qituvchilari hamda talabalar-yoshlar ishtirok etdilar.