
Malaka oshirish kursining Finlyandiyagi dasturini nihoyalab, Shvetsiyaning Stokholm shahriga yetib keldik. Tashrif davomida bizga O‘zbekistonning Shvetsiyadagi elchisi Nodirbek G‘aniyev hamrohlik qilib, hamkorlik aloqalarini o‘rnatishimizda katta yordam berdi.
Dastlab, delegatsiyamiz tarkibida Shvetsiyaning nufuzli oliygohlaridan bo‘lgan Syodertyorn universitetiga bordik, universitet faoliyati bilan tanishdik.
Tashrif davomida ushbu universitet rektori, professor Gustav Amberg janoblari hamda universitet prorektori, professor Anna Mariya Yonsson xonim bilan hamkorlik masalasi bo‘yicha uchrashuv ham o‘tkazdik. Unda institutimiz kadrlarini Shvetsiyada malakasini oshirish va stajirovka dasturlarini tashkil etish, o‘qituvchilar hamda talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, ilmiy tadqiqot sohasida hamkorlikni boshlash, qo‘shma konferensiyalar tashkil etish va hamkorlikning boshqa yo‘nalishlarini muhokama qildik. Uchrashuv so‘nggida qator kelishuvlarga erishildi, Syodertorn universiteti rektoriga o‘zimizning esdalik sovg‘alarimizni topshirdik.
Bundan tashqari, universitet qoshidagi Boltiq va Sharqiy Yevropa tadqiqotlari markaziga ham bordik, markaz xodimlari va tadqiqotchilari bilan muloqot o‘rnatdik.
Uchrashuvlarda bugungi kunda fin ta’lim tizimi bilan birga jahonda tan olingan shved ta’lim tizimining eng yaxshi tomonlarini institutimizda joriy etish imkonini beruvchi manfaatli kelishuvlarni amalga oshirdik. O‘ylaymanki, bu institutimizni yanada rivojlantirish va jahon mehnat bozorida qadrlanadigan kadrlash tayyorlash kabi maqsadlarimizni amalga joriy etishda juda muhim o‘rin tutadi.